Texnologiya olamida katta o‘zgarish kutilmoqda — Tim Cook rasman Apple bosh direktori lavozimidan ketishini e’lon qildi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, u 2026-yil 1-sentabrgacha CEO sifatida ishlashda davom etadi. Shundan so‘ng esa yangi lavozim — direktorlar kengashining ijrochi raisi sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Tim Kuk o‘rnini kompaniyaning apparat muhandisligi bo‘yicha vitse-prezidenti — John Ternus egallashi rasman tasdiqlandi.
U Apple’da qariyb 25 yildan beri ishlab keladi va iPhone, Mac hamda boshqa qurilmalar ustidagi ishlarda muhim rol o‘ynagan. Endi esa kompaniyani yangi bosqichga olib chiqish vazifasi aynan uning zimmasiga tushadi.
Ma’lum qilinishicha, bu o‘zgarish kutilmagan qaror emas — Apple uzoq muddatli reja asosida rahbariyatni yangilamoqda.
Tim Kuk ham yangi rahbar haqida juda iliq fikr bildirgan:
“U Apple kelajagi uchun aynan to‘g‘ri inson”
2011-yilda Steve Jobsdan keyin kompaniya boshqaruvini qo‘lga olgan Kuk Apple’ni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.
- kompaniya qiymati bir necha barobarga oshdi
- Apple Watch, AirPods kabi yangi mahsulotlar paydo bo‘ldi
- xizmatlar (iCloud, Apple Music va boshqalar) ulkan biznesga aylandi
Natijada Apple dunyodagi eng qimmat kompaniyalardan biriga aylandi.
Kuk butunlay ketmaydi — u hali ham kompaniyada muhim rol o‘ynashda davom etadi. Ammo baribir bu qaror ko‘pchilik uchun bir davr yakunlanganini anglatadi.
Endi asosiy savol: yangi CEO Apple’ni yana qanday darajaga olib chiqa oladi?



















