Detektiv janrining eng mashhur qahramonlaridan biri — Hercule Poirot yana ekranlarga qaytmoqda. BBC Agata Kristi asarlari asosida Puaro haqida yangi yirik serial suratga olishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha ustida Mammoth Screen studiyasi ishlamoqda. BBC esa serial uchun katta byudjet va uzoq muddatli reja tayyorlagan. Hozircha kamida uch fasl suratga olinishi kutilmoqda.
Ssenariy muallifi sifatida Benji Walters tanlangan. U avval ham bir nechta mashhur serial loyihalarida ishlagan.
Eng katta savol — yangi Puaro obrazini qaysi aktyor gavdalantirishi. Hozircha aktyor nomi rasman ochiqlanmagan.
Ammo G‘arb OAVlarida:
- Simon Russell Beale
- Will Sharpe
- Toby Jones
kabi aktyorlar nomzodi muhokama qilinmoqda.
Ko‘pchilik uchun Hercule Poirot obrazi hanuzgacha David Suchet bilan bog‘lanadi. U 1989-yildan 2013-yilgacha davom etgan mashhur serialda afsonaviy detektiv rolini ijro etgan edi. Agatha Christie’s Poirot seriali jami 13 fasl davom etgan va Agata Kristining deyarli barcha asosiy asarlari ekranlashtirilgan.
Xabarlarga ko‘ra, yangi loyiha klassik ruhni saqlab qolgan holda zamonaviyroq uslubda ishlanadi. Ayrim manbalar BBC bu safar Puaro obrazini “yanada харizmatik va zamonaviyroq” ko‘rsatishni istayotganini yozmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, serialning ilk fasli 2027-yilning ikkinchi yarmida ekranlarga chiqishi mumkin.

















