AQSHning NASA agentligi Oy va Marsga bo‘lajak parvozlarga tayyorgarlik doirasida bir yil davom etadigan maxsus simulyatsiya loyihasi uchun to‘rt nafar ko‘ngillini tanlashni boshladi. Tadqiqot 2027-yildan boshlab Texasdagi Johnson Space Centerda o‘tkaziladi.
Ishtirokchilar 12 oy davomida Yerda qurilgan maxsus yopiq majmuada yashab, kelajakdagi sayyoralararo missiyalarga xos sharoitlarni boshdan kechiradi. Dastur davomida ular sun’iy kosmik sayrlar, ilmiy tajribalar, resurslardan oqilona foydalanish va jamoaviy hayot kabi vazifalarni bajaradi.
Loyihaning asosiy maqsadi uzoq muddatli kosmik parvozlarning inson salomatligi, ruhiy holati va jamoa bilan ishlashga ta’sirini o‘rganishdir. Olingan natijalar NASAning Artemis dasturi hamda kelajakdagi Mars ekspeditsiyalarini rejalashtirishda qo‘llaniladi.
Nomzodlar AQSH fuqarosi yoki doimiy rezidenti bo‘lishi, sog‘lom, 30–55 yosh oralig‘ida bo‘lishi, ingliz tilini yaxshi bilishi hamda STEM yo‘nalishida ta’lim yoki ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Tanlovdan o‘tgan ishtirokchilarga loyiha davomida haq ham to‘lanadi.





