AQSHlik Neytan Tomas (Nathan Thomas) 18 yoshida universitet professori bo‘lib, Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng yosh erkak professor sifatida kirdi. U bu natija bilan 306 yil davomida saqlanib kelgan rekordni yangiladi.
Neytan 2023-yilda Miami Dade College kollejida “C for Engineers” fanidan dars bera boshlaganida atigi 18 yosh-u 346 kunlik edi. Qizig‘i shundaki, uning auditoriyasidagi ko‘plab talabalar o‘zi bilan deyarli tengdosh bo‘lgan. Biroq yosh professorning aytishicha, sinfda yosh emas, bilim muhim: “Hamma bu yerga o‘rganish uchun keladi. Men esa ularga qo‘limdan kelganicha yordam berishga harakat qilaman.”

Neytan Tomasning ilmiy yo‘li juda erta boshlangan. U 10 yoshida kollejda tahsil olishni boshlagan, 14 yoshida esa Florida International Universityga o‘tgan. 18 yoshga kelib elektr muhandisligi bo‘yicha bakalavr va magistr darajalarini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
Hozirda u onlayn dars berish bilan birga Mayami universitetining huquq fakultetida tahsil olmoqda. Kelajakda intellektual mulk huquqi sohasida, ayniqsa muhandislik va texnologiyalar bilan bog‘liq yo‘nalishda faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda.






