Qozog‘istonning Ostona shahrida elektr aerotaksining ilk namoyish parvozi amalga oshirildi. Vertikal qo‘nib-ko‘tarila oladigan eVTOL rusumidagi uchish apparati “Qozonat” ippodromi hududida sinovdan o‘tkazildi.
Parvoz Alatau Advance Air Group kompaniyasi va Xitoyning eVTOL ishlab chiqaruvchisi AutoFlight hamkorligida tashkil etildi. Sinovda AutoFlight Prosperity rusumidagi havo kemasidan foydalanilgan. U bir nafar uchuvchi va besh nafargacha yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Biroq mazkur namoyish parvozi xavfsizlik talablari sabab yo‘lovchilarsiz amalga oshirilgan.
Qurilma soatiga 200 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi va bir quvvatlanishda 200 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin. 13 ta elektr dvigateli bilan jihozlangan aerotaksi an’anaviy havo kemalariga qaraganda ancha shovqinsiz ishlashi va parvoz vaqtida karbonat angidrid chiqarmasligi bilan ajralib turadi.
Mazkur texnologiya Qozog‘istonning Urban Air Mobility — shahar havo mobilligi tizimini rivojlantirish loyihasining bir qismi hisoblanadi. Mamlakatda eVTOL havo kemalari, vertiportlar va uchuvchisiz havo harakatini boshqarish tizimlari uchun huquqiy va infratuzilmaviy asos yaratish bo‘yicha ishlar ham olib borilmoqda.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoda bunday texnologiyani amaliyotga joriy etishga urinayotgan birinchi davlatlardan biri bo‘lmoqda. Mutaxassislar kelajakda aerotaksilar shaharlar ichidagi tirbandlikni kamaytirib, qisqa masofalarda tezkor transport vositasiga aylanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Hozircha Ostona shahridagi parvoz tijoriy qatnov emas, namoyish va sinov bosqichi hisoblanadi. Yo‘lovchilarni muntazam tashish uchun tegishli sertifikatlash, xavfsizlik va infratuzilma talablari bajarilishi kerak.






