Ed Sheeran AQSHning Filadelfiya shahridagi konserti vaqtida gastrolida yuzaga kelgan mojaro haqida gapirib, sahnada ko‘z yoshlarini tiyolmay qoldi. Xonanda so‘nggi kunlarda boshidan kechirgan vaziyat sabab muxlislardan uzr so‘ragan.
Gap reper Macklemorening Sheeran gastrolidagi chiqishlari bekor qilingani ortidan boshlangan bahs haqida ketmoqda. Macklemore avvalgi konsertlaridan birida Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi fikrlar bildirganidan so‘ng gastrol tarkibidan chiqarilgan. Keyinchalik boshqa ayrim ijodkorlar ham gastrolni tark etgan.
19-sentabr kuni Filadelfiyadagi Lincoln Financial Field stadionida sahnaga chiqqan Sheeran odatdagidan boshqacha tarzda konsertni qisqa murojaat bilan boshlagan. U so‘nggi bir hafta davomida qiyin qarorlar qabul qilganini, xatolarga yo‘l qo‘yganini aytib, muxlislardan uzr so‘ragan.
Keyinroq xonanda yana sahnada bu vaziyat unga qanchalik og‘ir ta’sir qilganini gapirib, ko‘z yoshlarini tiyolmagan. U hatto gastrol davom etishiga va yana sahnaga chiqishiga ishonchi bo‘lmaganini aytgan.
Sheeran konsertlarida siyosatdan ko‘ra birlik, insoniylik va musiqa ustuvor bo‘lishini istashini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u G‘azodagi vaziyat haqida ham fikr bildirib, tinch aholi boshdan kechirayotgan holatni og‘ir deb atagan.
Shundan so‘ng xonanda konsertni davom ettirgan. Uning chiqishi uch soatga yaqin davom etgan va u muxlislariga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan.


















