Maykl Jekson obrazini gavdalantirgani bilan katta e’tibor qozongan Jafar Jekson aktyorlik faoliyatidagi navbatdagi yirik loyihasini tanladi. Jekson Uill Smit bosh rolni ijro etadigan Supermax aksion trillerida suratga tushadi.
Filmda Uill Smit va AnnaSofiya Robb qamoqxonadagi sirli qotillikni tergov qilayotgan ikki FBI agenti obrazini gavdalantiradi. Voqealar dunyodagi eng kuchli qo‘riqlanadigan qamoqxonalardan birida sodir bo‘ladi. Jafar Jeksonning filmda qanday obrazni ijro etishi hozircha sir tutilmoqda, biroq uning roli syujet uchun muhim ekani ma’lum qilingan.
Supermax filmini David Gordon Green suratga oladi. Ssenariy ustida David Weil va David J. Rosen ishlagan. Film Amazon MGM Studios hamda Miramax tomonidan ishlab chiqariladi va keyinchalik Prime Video platformasida namoyish etilishi kutilmoqda. Suratga olish ishlari avgust oyida boshlanishi rejalashtirilgan.
Jafar Jekson uchun bu loyiha ayniqsa muhim. U 2026-yilda ekranlarga chiqqan “Michael” biografik filmida o‘zining amakisi — Maykl Jekson rolini ijro etib, aktyorlik faoliyatini boshlagan. Filmda u xonandaning Jackson 5 davridan boshlab yakkaxon faoliyatining ilk yillarigacha bo‘lgan hayot yo‘lini gavdalantirgan.
Qizig‘i, Jafar avval aktyor bo‘lishni rejalashtirmaganini aytgan. Biroq Maykl Jekson rolidagi debyutidan so‘ng u Gollivuddagi faoliyatini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Supermax esa uning mashhur amakisi obrazidan butunlay boshqa qahramonni ijro etish imkonini beradi.
Ayni paytda Jafar Jeksonning yana bir yirik loyihasi — Michael filmining davomi ham muhokama qilinmoqda. Shu tariqa yosh aktyor Maykl Jekson obrazidan keyin o‘zining alohida aktyorlik yo‘lini shakllantirishga kirishmoqda.







