O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov va amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi shaxmat bo‘yicha Jahon chempionligi uchrashuvlarining boshlanish vaqti ma’lum bo‘ldi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) ma’lumotlariga ko‘ra, bahslar 2026-yil 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkaziladi. Birinchi klassik partiya 24-noyabr kuni, Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanishi belgilangan.

Jahon chempionligi uchun bahs maksimal 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. G‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun shaxmatchilardan 7,5 ochko jamg‘arish talab etiladi. Agar asosiy bahslar yakunida hisob 7:7 bo‘lsa, chempion nomi 12-dekabr kuni o‘tkaziladigan tay-breyk orqali aniqlanadi.
Uchrashuvning mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi. G‘olib 1,3 million dollar, finalchi esa 1,2 million dollar oladi.
Javohir Sindorov 2026-yilgi Da’vogarlar turnirida g‘alaba qozonib, jahon chempionligi uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritgan. U O‘zbekiston tarixida mutlaq jahon chempionligi uchun bahsga chiqqan ilk shaxmatchi bo‘ladi. Har ikki grossmeyster chempionlik uchrashuvi boshlanganda 20 yoshda bo‘ladi.



















