Indoneziyaning Bali orolida o‘rgimchakdan qutulmoqchi bo‘lgan sayyoh ehtiyotsizligi oqibatida o‘zi yashayotgan villani yoqib yubordi. Yong‘in natijasida bino va uning ichidagi barcha buyumlar yonib ketgan. Yetkazilgan zarar taxminan 140 ming dollarga baholangan.
Hodisa 5-oktabr kuni Bali orolining Shimoliy Kuta hududidagi Tibubeneng qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Nepal fuqarosi, 45 yoshli Gaorap Rana hammomda o‘rgimchakni ko‘rib, uni olov yordamida haydashga qaror qilgan.
Erkak bir varaq qog‘ozni yoqib, o‘rgimchakni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan. Biroq yonayotgan qog‘ozni nazoratsiz qoldirib, boshqa xonaga ketgan. Kuchli shamol qog‘ozni uchirib, villaning qurigan o‘simliklardan tayyorlangan tomiga olib borgan.
Olov tomga tegishi bilan yong‘in tezda butun binoga tarqalgan. Quruq tom materiali va kuchli shamol alangani yanada kuchaytirgan. Sayyoh tashqariga chiqishga ulgurgan va hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Ammo villani va uning ichidagi buyumlarni saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, zarar qariyb 2 milliard Indoneziya rupiyasi, ya’ni 140 ming dollarni tashkil etgan.
Shu tariqa, oddiy o‘rgimchakdan qutulish uchun qilingan urinish katta moddiy zarar bilan yakunlangan.



















