Germaniyaning Kyoln shahrida inson qiyofasidagi robot 16 yoshli qizga nisbatan nomaqbul harakatlar qilganlikda gumon qilinmoqda. Hodisa ikki kishi tomonidan videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirda namoyish etilgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, voqea yakshanbaga o‘tar kechasi shahar markazidagi tez tayyorlanadigan taomlar restoranlaridan biri oldida sodir bo‘lgan. Taxminan 1,2 metr balandlikdagi qizil va oltinrang robot qizga orqa tomondan yaqinlashib, uning dumbasiga tekkan va nomaqbul harakatlar qilgan.
Hodisa vaqtida qiz dugonalari bilan birga bo‘lgan. U robotning harakatlaridan keyin politsiyaga murojaat qilgan.
Huquq-tartibot xodimlari voqea joyiga yaqin hududda robotning 16 yoshli egasi va uning 19 yoshli sherigini aniqlagan. Gumonlanuvchilar hodisani videoga olib, ijtimoiy tarmoq orqali jonli efirga uzatganlikda gumon qilinmoqda.
Politsiya robot va ikki dona mobil telefonni musodara qilgan. Hozirda tergovchilar qurilma qanday boshqarilgani hamda uning harakatlari ataylab yo‘naltirilgan-yo‘naltirilmaganini tekshirmoqda.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy tekshiruv davom etmoqda. Hozircha ish bo‘yicha yakuniy xulosa e’lon qilinmagan.



















